Increase size
Reset to Default
Decrease size
30.12.2021 y.

“O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni, Oybek mukofoti sohibi, o‘zbek yozuvchisi va jamoat arbobi O‘tkir Hoshimov 1941-yil 4-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat universiteti filologiya fakulteti jurnalistika bo‘limini tamomlagan. Turli nashriyotlarda, gazeta va jurnallar tahririyatlarida ishlagan. Uzoq vaqt davomida “Sharq yulduzi” jurnalida bosh muharrirlik qilgan.

O‘tkir Hoshimov ijodini 60-yillarda she’r va ocherklar bilan boshlagan. Uning ilk kitobi – ocherklar to‘plami “Po‘lat chavandoz” nomi bilan 1962 yilda nashr etilgan. Shundan so‘ng “Choʻl havosi” (1963), “Odamlar nima derkin”, “Shamol esaveradi”, “Bahor qaytmaydi” (1970), “Qalbingga quloq sol” (1973), “Uzun kechalar” (1975), “Nimadir bo‘ldi” (1976), “Nur borki, soya bor” (1977), “Quyosh tarozisi” (1980), “Dunyoning ishlari” (1982), “Yalpiz somsa” (1983), “Oq kamalak” (1984), “Sirli yulduz” " (1985), “Xazina” (1987), “Notanish orol” (1990), “Iztirob” (1991), “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” (2001) kabi kitoblari nashr etilgan.

“Ikki eshik orasi” romani uchun yozuvchi 1986 yilda Hamza nomidagi mukofotni olgan, 1991 yilda Oʻtkur Hoshimov Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlangan. Uning zamonaviy adabiyotga qo‘shgan hissasi juda katta. Adib asarlari shakl va mazmun jihatdan go‘zal, estetik va tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Shu munosabat bilan “O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2021 yil 27 dekabrdan “O'zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi” nomli pochta markasi muomalaga kiritildi.

Pochta markasida O‘tkir Hoshimov portreti tasvirlangan. Pochta markasi bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi taroqsimon. Qog‘ozi oq silliq. Pochta markasining o‘lchami 52x37mm. Adadi 8 ming nusxa. Dizayner – Yusupaliyev U.

Identifikatsiya raqami berilgan va nominali o‘rnatilgan.

 

 

1515. “O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi”. Nominali – 5600 so‘m