“Hududlar” turkumiga bag‘ishlangan “Samarqand viloyati” nomli pochta markalari zanjir ko‘rinishida chop etilgan. Zanjir 2 ta pochta markasi va oraliqda joylashgan kupondan iborat.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ tomonidan tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2021 yil 26 oktabrdan “Hududlar” turkumiga bag‘ishlangan “Samarqand viloyati” nomli pochta markalari muomalaga kiritildi.
Birinchi pochta markada Samarqand qalʼa devorining sharqiy tomonida joylashgan qadimgi ziyoratgoh Xo‘ja Аbdi-Dаrun maqbarasi tasvirlangan. Uning peshtoqi, gumbazi va devorining bezaklari Ulug‘bek davri meʼmorligi mahsuli ekanidan darak beradi. Xonaqohning ichida IX asrda Samarqandda hokimlik qilgan avliyo, alloma Аbdu Maʼziddinning qabri joylashgan.
Ikkinchi pochta markada davlatimiz rahbari, mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligimiz asoschisi, buyuk siyosatchi va oqil islohotchi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Аbdug‘aniyevich Karimov xotirasiga atab Samarqand shahrida bunyod etilgan maqbara majmuasi tasvirilangan. Kuponda Samarqand viloyatning geografik xaritasi hamda tashkil topgan yili, maydoni, aholi soni va viloyat markazi va tumanlari ko‘rsatilgan.
Pochta markalari bir necha rangda ishlangan. Ofset usulida bosilgan. Perforatsiyasi taroqsimon. Qog‘ozi oq silliq. Kupon va pochta markalarning o‘lchami 42x30 mm. Adadi 8 ming nusxa. Dizayner - Yusupaliyev U.
Identifikatsiya raqamlari berilgan va nominallari o‘rnatilgan.
1502. Xo‘ja Аbdi-Dаrun maqbarasi. Nominali - 3800 so‘m.
1503. Islom Karimov maqbarasi. Nominali - 5900 so‘m.