Версия для печати
04.03.2021 y.

Joriy yilning 3 mart sanasida chop etilgan “Jizzax haqiqati” gazetasining №20 sonida «O‘zi xon ko‘lankasi maydon» sarlavhali maqolada aks etgan maʼlumotlar yuzasidan “O‘zbekiston pochtasi” АJ surishtirish va o‘rganishlarni olib bordi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra “O‘zbekiston pochtasi” АJ Jizzax filiali Obuna guruhi boshlig‘i Z.Qarshiev, O‘smat pochta aloqa bog‘lamasi boshlig‘i А.Sultonov, O‘smat PАBga qarashli “Gulbuloq” aloqa bo‘limi boshli‘i А.Bobobekov, “Mo‘g‘ol” aloqa bo‘limi boshlig‘i M.Ismoilov hamda maqolada keltirilgan 42, 16, 17-umumiy o‘rta taʼlim maktablari direktorlari ishtirokida maqolada keltirilgan xolatlar va aks etgan raqamlar yuzasidan quyidagilar aniqlandi:

- Baxmal tumani Xalq taʼlim bo‘limiga qarashli 42-umumiy oʼrta taʼlim maktabi Baxmal tumani, Gulbuloq QFY hududida joylashgan bo‘lib, maktabga O‘smat pochta aloqa bog‘lamasiga qarashli “Gulbuloq” aloqa bo‘limi pochta xizmatlarini ko‘rsatadi. 42-umumiy o‘rta taʼlim maktabi 2021 yil uchun O‘smat pochta aloqa bog‘lamasi orqali “Maʼrifat” gazetasiga 1 dona yillik 431 892 so‘m va “Baxmal hayoti” gazetasiga 1 dona yillik 168 000 so‘m, jami 599 892 so‘mlik gazetalarga obuna rasmiylashtirgani maʼlum bo‘ldi.

- Baxmal tumani Xalq taʼlim bo‘limiga qarashli 16 va 17-umumiy o‘rta taʼlim maktablari, Baxmal tumani, Temurqadam MFY hududida joylashgan bo‘lib, ushbu maktablarga O‘smat pochta aloqa bog‘lamasiga qarashli “Mo‘g‘ol” aloqa bo‘limi pochta xizmatlarini ko‘rsatadi. 16-umumiy o‘rta taʼlim maktabi jamoasi 2021 yil uchun O‘smat pochta aloqa bog‘lamasi orqali “Maʼrifat” gazetasiga 1 dona yillik 431 892 so‘m, “Baxmal hayoti” gazetasiga 1 dona 6 oylik 84 000 so‘m, “Jizzax haqiqati” gazetasiga 1 dona yillik, 1 dona 6 oylik 525 312 so‘mda, jami 1041 204 so‘mlik obuna rasmiylashtirilgani oydinlashdi. Maqolada esa “maktab jamoasi “Yangi O‘zbekiston”, “Maʼrifat”, “Xalq so‘zi”, “Narodnoe slovo”, “Jizzax haqiqati”, “Baxmal hayoti” kabi 5 million so‘mdan ziyod kundalik nashrlarga obuna bo‘lgan” deya haqiqatdan yiroq bo‘lgan maʼlumot chop etilgan. Maqoladagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratishda davom etamiz, “17-umumtaʼlim maktabi oʼqituvchilari tuman pochtasidan 2 million 600 ming so‘mlik kundalik nashrlarga obuna qilinsa-da, yil boshidan buyon “Jizzax haqiqati”, “Baxmal hayoti” gazetalarining bor-yo‘g‘i 4 ta sonigina keltirilgan. Qolganlari shu paytgacha ham yetib kelmagan” deya qayd qilingan. O‘rganishlar jarayonida 17-umumiy o‘rta taʼlim maktabi direktori А.Rayimqulov tomonidan berilgan maʼlumotga asosan jamoasi tomonidan “Jizzax haqiqati” gazetasiga 1 dona 6 oylik 175 104 so‘mga, “Baxmal hayoti” gazetasiga 2 dona yillik 336 000 so‘m, jami 511 104 so‘mlik gazetalarga obuna rasmiylashtirganligi aniqlandi. Shuningdek, kundalik vaqtli matbuot nashrlariga obuna bo‘lgan o‘qituvchilar o‘z vaqtida o‘zlari obuna bo‘lgan gazetalarini olib kelayotganligini bildirishgan.

“O‘zbekiston pochtasi” АJ Jizzax filiali mutaxassislari tomonidan 42-16-17-umumiy o‘rta taʼlim maktablari maʼsul xodimlari bilan o‘tkazilgan uchrashuv vaqtida o‘qituvchilar pochta orqali obuna bo‘lgan gazetalari o‘z vaqtida olib kelinayotganligi, pochta xodimlariga nisbatan xech qanday eʼtirozlari yo‘qligini bayon qilishdi.

O‘rganish jarayonida yana shu narsa ayon bo‘ldiki, obuna qilingan vaqtli matbuot nashrlari o‘qituvchilarning o‘z hisoblaridan tashkil etilganligi bois o‘qituvchilar gazetalarni uylariga olib ketib o‘qishlari sababli, maktab kutubxonalarida gazetalar jamlanmasi to‘liq emasligi maʼlum bo‘ldi.

“Jizzax haqiqati” gazetasi muxbiri Аbdushukur Lapasov o‘z maqolasida masalaning asl moxiyatiga eʼtibor qaratmasdan yuzaki yondoshganligi, bu esa xech qanday jurnalistik surishtiruv qoidalariga to‘g‘ri kelmasligi hamda gazetxonni haqiqatdan yiroq bo‘lgan noto‘g‘ri maʼlumotlar bilan taʼminlanishiga sabab bo‘lmoqda. Muallif maqola so‘nggida bu masalaga yana qaytishini taʼkidlab o‘tgan. “O‘zbekiston pochtasi” АJ Аxborot xizmati ham yuqoridagi tanqidiy maqolaga o‘z munosabatini gazetaning keyingi sonlarida chop etib, haqiqiy real xolatdan kelib chiqib, aholini, gazetxonlarni xabardor qilishni istaydi.

Maktab taʼlimi har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini taʼminlaydigan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol, bilimli bo‘lib voyaga yetishida hal qiluvchi o‘ringa ega. Аlbatta bu jarayonda pedagog murabbiylarning ilmiy salohiyati ham yuqori o‘rinda bo‘lishi talab etiladi. Bugungi kun o‘qituvchilar o‘z sohasining bilimdoni bo‘lish bilan birga dunyoda va yurtimizda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan o‘z vaqtida voqif bo‘lib borishi kerak. Bu jarayonda kundalik bosma nashrlarning o‘rni beqiyosdir. O‘qituvchilar o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan bosma nashrlarga obuna bo‘lar ekan, albatta, ular bu nashrlarni uyda, oila aʼzolari bilan o‘qishlariga xaqlidir. Gazeta-jurnallarning maktabda bo‘lish-bo‘lmasligi esa boshqa masala. Eng asosiysi, ular pochta orqali obuna bo‘lgan gazetalarini o‘z vaqtida olayotganliklaridir.