Increase size
Reset to Default
Decrease size
31.03.2021 y.

“O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda Rishton pochta aloqa bog‘lamasi faoliyati bo‘yicha joylangan video murojaatiga shuni maʼlum qiladiki, haqiqatdan ham, Rishton pochta aloqa bog‘lamasi xodimlari mahalliy hokimiyat rahbarlarining eʼtiborsizligi sabab videotasvirlarda muhrlangan binoda vaqtinchalik faoliyat yuritib kelmoqda.

2019 yilning may oyiga qadar Rishton pochta aloqa bog‘lamasi o‘ziga tegishli Rishton tumani, Roshidoniy ko‘chasida joylashgan 3 qavatli binoda faoliyat yuritgan.

2019 yil 13 may kuni Farg‘ona viloyati va Rishton tuman hokimliklarining mutasaddi xodimlari tomonidan oldindan xech qanday ogohlantirishsiz Rishton pochta aloqa bo‘limiga tegishlibir qavatli binosining oldi qismi va uch qavatli binosining bir qismi 1 kunda buzib yuboriladi. Shundan so‘ng pochta xodimlari videotasvirlarda aks etgan binoga vaqtinchalik faoliyat yuritib turishlari uchun ko‘chirilgan. Bino nafaqat ishchi-xodimlar uchun balki aholi uchun ham turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, pochta aloqa bo‘limlari aholi uchun qulay bo‘lgan yo‘l bo‘ylarida joylashishi kerak.

Ikkinchidan, binoda xodimlar uchun barcha qulayliklar va infratuzilma shakllangan bo‘lishi kerak. Tasvirlar esa mavjud holatni real ko‘rsatgan.

Noqonuniy ravishdagi buzish ishlari natijada Rishton pochta aloqa bog‘lamasiga zarar yetkazilgan, ammo yetkazilgan zarar qoplanmasdan va pochta aloqa bog‘lamasi xodimlarining o‘z faoliyatini davom ettirish uchun joy (bino) ajratilmagan. Buzilgan binoning umumiy yer maydoni esa 5664,30 kv metr bo‘lgan.

Rishton tuman hokimining Rishton tumanining yangi rejalashtirilayotgan loyihasiga asosan 13.05.2019 yildagi “Rishton tumani hududidan o‘tuvchi 4r-112 “Farg‘ona halqasi” avtomobil yo‘li hamda ushbu avtomobil yo‘li bilan tutash bo‘lgan tuman markazidagi barcha avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan turar joy va noturar joylarni, ijtimoiy soha obʼektlarini shaharsozlik talablari asosida qayta qurishga ruxsat berish to‘g‘risida”gi 2852-sonli qaroriga asosan qayta qurishga ruxsat berilayotgan turar joy va noturar joylar hamda ijtimoiy soha obʼektlari ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatda “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyatiga tegishli bino-inshootlar mavjud bo‘lmagan.

Biroq, Farg‘ona viloyat hokimligi va Rishton tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 27 martdagi 88-sonli qarorlariga asosan Respublika hududidagi xalqaro hamda davlat ahamiyatidagi avtomobilь yo‘llarini kengaytirish va taʼmirlash vazifasi belgilanganligi sababli tuman markazini kesib o‘tuvchi 4r-112 Farg‘ona-Qo‘qon halqa avtomobil yo‘li yoqasidagi “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan bino-inshootlari buzilgan.

Rishton tuman hokimining yuqoridagi qarorida “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan bino-inshoot buzilishga tushganligi ko‘rsatilmagan bo‘lsada, ammo mazkur bino-inshootlar Farg‘ona viloyat hokimligi va Rishton tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan xech qanday ogohlantirishsiz rekonstruktsiya munosabati bilan buzilgan. Natijada bino-inshoot egallagan jami 5664.30 kv.metrni tashkil qilgan yer maydonining bir qismi davlat va jamiyat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgani va ushbu yer maydonlariga ko‘p qavatli binolar qurilgan.

Yuqoridagi xolatlar bo‘yicha “O‘zbekiston pochtasi” Farg‘ona filiali rahbarlari tomonidan Farg‘ona viloyati pokuraturasiga, Viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosariga, Rishton tumani hokimiga, Rishton tumani prokuraturasiga murojaatlar qilingan. Аmmo bu murojaatlarga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi bois “O‘zbekiston pochtasi” АJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Rishton tumanlararo Iqtisodiy sudiga Davo arizasi bilan murojaat qilingan. Sudning 2020 yil 11 noyabr kungi Hal qiluv qaroriga asosan Sudda daʼvogar sifatida ishtirok etgan “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyati foydasiga javobgar Rishton tuman hokimligi hisobidan 1 308 949 131,0 so‘m moddiy zararni tuman hokimligining mahalliy byudjet manbalaridan undirish bo‘yicha qarori qabul qilingan.

Mazkur Hal qiluv qarori 2020 yil 14 dekabr kunidan eʼtiboran ijroga qaratilgan va qarzdor tomon Rishton tuman hokimligi hisobidan undirish belgilangan.

Shundan ko‘rinib turibdiki, mahalliy hokimiyat rahbarlarning sovuqqonligi bois “O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyatiga moddiy va maʼnaviy zarar yetmoqda. Rishton tumani pochta aloqasi bog‘lamasida ish faoliyatini yuritib kelayotgan xodimlar o‘zlari istamangan xolda noqulay sharoitda o‘z xizmat faoliyatlarini ko‘rsatib kelmoqdalar. Masalaning asl mohiyati keng tahlil qilinmasdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Rishton tumani hokimligi tomonidan yetkazilgan zararlar undirilishi bilan Rishton tumani pochta aloqasi bog‘lamasi uchun yangi bino sotib olish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib boriladi.