Increase size
Reset to Default
Decrease size
30.03.2021 y.

“O‘zbekiston pochtasi” aktsiyadorlik jamiyati xodimlarining malakasini oshirish o‘quv markazida, joriy yilning 30 mart kuni “Elektron baholash dasturi orqali mol-mulkni baholash xizmati” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi. Mazkur o‘quv-seminari Toshkent shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “E-baholash” maʼsuliyati cheklangan jamiyati bilan o‘zaro hamkorlikda pochta aloqa bo‘limlarida yangi mol-mulkni baholash xizmatini joriy qilish yuzasidan olib borilayotgan tashkiliy-huquqiy ishlar doirasida bo‘lib o‘tdi. Seminarda muassasa rahbari Qahramon Аdambaev va mutaxassisi Nodirbek Samandarov tomonidan maʼruzalar qilindi.

Maʼruzachilar yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulklarini garovga qo‘yish, sotish, balansdan chiqarish, xususiylashtirish va meros maqsadida baholash uchun xizmat ko‘rsatuvchi, baholash faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanib kelayotgan muassasa bo‘yicha batafsil maʼlumotlar va tushunchalarni berib o‘tdilar. Ishtirokchilarga taklif etilayotgan xizmat yuzasidan pochta aloqa bo‘limlarida ishni tashkil etish, mijozlar bilan ishlash mexanizmi bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Pochta aloqasi texnologiyasi” kafedrasining malakali o‘qituvchilari Emma Ishdavletova va Gulchexra Nazarova tomonidan “Pochta aloqasi xizmatini ko‘rsatishda elektron tijorat va logistika tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari ham bo‘lib o‘tdi.

Videokonferentsaloqa tizimi orqali o‘tkazilgan mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida Jamiyatning hududiy filial va bog‘lamalarining masʼul rahbar xodimlari, mutaxassislar, Jamiyatning departament va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdilar.

O‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishtirokchilarning pochta aloqa bo‘limlarida tashkil etilayotgan yangi xizmat turlari samaradorligini oshirish, elektron tijoratda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish erkinligi, shartnomalar tuzish, elektron tijoratda ishtirok etish shart-sharoitlari, ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari bo‘yicha yetarli bilimlarga ega bo‘lishlarini taʼminlash.

Mashg‘ulotlar so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar oldilar.