Версия для печати
14.12.2020 y.

Pochta aloqasi tizimi bugungi kunda mamlakat hududlarida xat va pochta jo‘natmalari bilan bir qatorda tovarlarni yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha o‘z infratuzilmasiga ega bo‘lgan muhim soha hisoblanadi.

“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizning pochta aloqasi milliy operatori sifatida respublika miqyosida 2 mingga yaqin pochta aloqasi ob’ektiga ega bo‘lib, barcha aholi punktlarini qamrab olgan.

Shu bilan birga, Milliy operator tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha yetarlicha choralar ko‘rilmaganligi oqibatida Umumjahon pochta ittifoqining Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida O‘zbekiston 93-o‘rinda qolmoqda.

Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish faoliyatini to‘liq avtomatlashtirish orqali Pochta rivojlanishi indeksi global reytingida mamlakatimizni birinchi 50 talikka kiritish maqsadida:

1. Quyidagilar pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

a) xat-xabar tashish va kurerlik xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha:

pochta va kurerlik xizmatlarini taqdim etish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda “yakuniy manzil” xizmatini joriy etish;

pochta aloqasining an’anaviy xizmatlarini takomillashtirish, ularni raqamlashtirish, jo‘natmalarni qabul qilish, kuzatib borish va yetkazish jarayonlariga axborot texnologiyalari va tizimlarini joriy etish orqali aholi, biznes va davlat idoralariga zamonaviy xizmatlarni taqdim etish;

“Gibrid pochta” jo‘natmalarini qabul qilish va yetkazib berish xizmatlari sonini 2 barobarga oshirish;

b) elektron tijorat bozoridagi faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha:

mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini onlayn sotish va mijozlarga yetkazib berish imkoniyatini beruvchi elektron savdo maydonchasi axborot tizimini yaratish;

logistika markazlarini tashkil etish, tovarlarni saqlash va yetkazib berishni o‘z ichiga olgan xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

v) xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha:

pochta aloqasi ob’ektlari orqali to‘lovlarni onlayn rejimda qabul qilish avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiyalash va uning mobil ilovasini ishlab chiqish;

respublikaning kamida 1 000 ta pochta bo‘limida, ayniqsa, olis va chekka hududlarda moliyaviy xizmatlar turlarini, xususan, aholidan to‘lovlar qabul qilishni ikki barobarga kengaytirish hamda autsorsing asosida bank xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;

olis va chekka hududlardagi pochta bo‘limida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;

pochta aloqasi sohasida joriy etilayotgan yangi xizmat turlarini inobatga olgan holda Milliy operator tizimida faoliyat yurituvchi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

2. Quyidagilar:

2021–2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga m uvofiq;

2021–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida pochta aloqasi sohasini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining quyidagilarni inobatga oluvchi 2021 yilda 42 ta namunaviy tumanlarda (shaharlarda) pochta aloqasi korxonalarini transformatsiya qilish loyihalarini ko‘zda tutuvchi “Yo‘l xarita”larini 3–16-ilovalarga muvofiq amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

a) pochta binolarini qayta qurish va ta’mirlash hamda ulardan unumli foydalanish bo‘yicha:

267 ta pochta aloqasi bo‘limi binosini ta’mirlash;

110 ta binoni davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy ko‘rinishda qayta qurish bo‘yicha kelishuvga erishish;

b) telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha:

326 ta pochta aloqasi bo‘limigacha 754 km optik tolali aloqa liniyalarini tortish;

250 ta pochta aloqasi bo‘limini zamonaviy kompyuter texnikasi va mobil qurilmalar bilan ta’minlash;

v) pochta aloqasi bog‘lamasining moliyaviy va iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda pochta xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha:

42 ta tuman pochta aloqasi bog‘lamasida “Gibrid pochta” jo‘natmalarini chop etish va unga ishlov bergan holda oluvchilarga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish;

230 ta pochta aloqasi bo‘limida bank xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;

55 ta qo‘shimcha pochta aloqasi bo‘limini ochish hisobidan 145 ta yangi ish o‘rni yaratish.

4. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M.Sadikov) hamda Milliy operator (A.N.Fayzullayev):

2021 yil 1 fevralga qadar onlayn savdo maydonchasini ishga tushirib, mahsulotlarni respublika bo‘yicha, ayniqsa, olis va chekka hududlarda savdoga olib chiqish, Milliy operator tarmoqlaridan foydalanib, sotilgan mahsulotlarni manzillarga yetkazib berish tizimini joriy etsin;

AT “Aloqabank” (K.N.Irisbekova) bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar pochta aloqasining an’anaviy va joriy etilayotgan yangi xizmatlari bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, o‘quv markazini tashkil qilsin hamda 2021 yil yakuniga qadar 2 000 ta, 2022 yilda barcha xodimlarning malakasi oshirilishini ta’minlasin;

2021 yil 1 aprelga qadar Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida bittadan pochta aloqasi ob’ektida mijozlar nomiga kelgan pochta jo‘natmalarini olish uchun mo‘ljallangan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan komplekslarni (pochtamat) joriy etish bo‘yicha sinov/namunaviy loyihalarni amalga oshirsin va 2021 yil yakuniga qadar yana 150 ta ob’ektda ushbu xizmatni joriy etish choralarini ko‘rsin;

2021 yil 1 iyulga qadar pochta jo‘natmalarini qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan tizimni ishga tushirsin hamda mahalliy va xorijiy kurerlik kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda ularning tizimlariga integratsiya qilsin;

2021 yil 1 mayga qadar tijorat banklari bilan birgalikda bank plastik kartalariga pochta aloqasi bo‘limlari orqali to‘liq xizmat ko‘rsatish (kartalarni mablag‘ bilan to‘ldirish, naqd pul yechish, jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish) tizimini joriy etsin;

2021 yil 1 iyulga qadar pochta tarmoqlari orqali autsorsing asosida tijorat banklari nomidan jismoniy shaxslarga kredit berish to‘g‘risida arizalarni qabul qilish, kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish, yuridik shaxslar kunlik savdo tushumini qabul qilish kabi bank xizmatlari ko‘rsatishni joriy qilishni ta’minlasin;

2021 yil yakuniga qadar internet-do‘konlari tovarlarini saqlash va yetkazib berish xizmatlarini o‘z ichiga olgan 4 ta logistika markazini tashkil etsin.

5. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, tijorat banklarining “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatining 100 milliard so‘m miqdordagi oddiy aksiyalarini qo‘shimcha chiqarish hamda mazkur aksiyalarni 17-ilovada keltirilgan korxona va tashkilotlar orasida joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2020–2024 yillar yakuniga ko‘ra Milliy operator ustav kapitalidagi davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlar pochta aloqasi tarmog‘ini rivojlantirish, axborot tizimlarini joriy etish va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni kengaytirish uchun ustav kapitalini oshirish (kapitalizatsiya qilish) sharti bilan Milliy operator ixtiyorida qoldirilsin.

6. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Milliy operator Adliya vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 apreldan boshlab olis va chekka hududlarda joylashgan pochta aloqasi ob’ektlarida kamida 13 ta turdagi davlat xizmati autsorsing asosida tashkil etilishini ta’minlasin.

Bunda, pochta aloqasi xizmati haqi ko‘rsatilgan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlari va barcha turdagi to‘lovlar summasining 10 foizi miqdorida belgilanadi va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan mablag‘larning o‘ziga yo‘naltiriladigan qismi hisobidan to‘lab beriladi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi PQ–4337-son hamda 2020 yil 7 maydagi “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4707-son qarorlariga muvofiq joriy etilgan mahsulotlarni eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorida kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi mahsulotlarni eksport qilishda pochta jo‘natmalari orqali tashish xarajatlariga ham tatbiq etilsin.

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S.U.Umurzakov) bir oy muddatda mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga mahsulotlarni eksport qilishda pochta jo‘natmalari orqali tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish shartlari, miqdorlari va tartibini tasdiqlasin.

8. Milliy operator 2022 yil yakuniga qadar ushbu qaror bilan belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan avtomototransport vositalari, uskunalar, qurilmalar, moddiy-texnika resurslari, dasturiy ta’minot va xizmatlarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.

9. Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilishning quyidagi tartibi o‘rnatilsin:

Bosh vazir maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekom-munikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M.Umarov – mazkur qarorda belgilangan vazifalar va chora-tadbirlarning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni tashkil etadi;

axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikov – pochta aloqasi tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha operator va provayderlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek, har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-sanasiga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”lari ijrosi to‘g‘risida umumlashgan tahliliy ma’lumotlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimlari – aholi gavjum joylarda ustuvor ravishda pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish ob’ektlari uchun yer ajratish, pochta binolaridan samarali foydalanish, ularni zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablariga moslashtirishni ta’minlaydi, shuningdek, tashkil etilayotgan onlayn savdo maydonchasiga mahalliy mahsulotlarni joylashtirish ishlariga tadbirkorlarni keng jalb qiladi;

“O‘zbekiston pochtasi” AJ Bosh direktori v.b. A.N.Fayzullayev – qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”larida “O‘zbekiston pochtasi” AJ oldiga qo‘yilgan vazifalar hamda chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul hamda shaxsiy javobgar etib Bosh vazir maslahatchisi O.M.Umarov va axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M.Sadikov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                 Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri, 2020 yil 14 dekabr