2020 yil 21 yanvar kuni "O'zbekiston pochtasi" AJ bosh direktori v.b. A.Fayzullayev Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi, Yaponiya Pochtasi hamda "Daiwa" tadqiqot instituti vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o'tkazdi.
Delegatsiya tashrifidan ko'zlangan maqsad - O'zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi o'rtasida Tokioda 2019 yil 17 dekabrda imzolangan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida hamkorlik to'g'risidagi Memorandum asosida pochta sohasida hamkorlik masalalarini muhokama qilishdan iborat.
Uchrashuvda ikki mamlakat pochta operatorlari o'rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Yaponiya tomoni hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, "O'zbekiston pochtasi"AJ mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirishga ko'maklashishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, O'zbekiston pochta infratuzilmasini transformatsiya qilish masalalari ham muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda pochta aloqasi sohasidagi ishlarning hozirgi holatini o'rganish uchun Yaponiya Pochtasi va "Daiwa" tadqiqot instituti vakillari "Xalqaro pochtamt" filiali, Toshkent va Samarqand shaharlarida bir qator pochta bo'linmalarining ishlarini o'rganadilar.
Kelgusida ikki mamlakat pochta mutaxassislarining birgalikdagi sa'y-harakatlari bilan O'zbekiston pochta sektori faoliyatini isloh qilish strategiyasi ishlab chiqiladi.
|